Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarish infratuzilmasining ishonchliligini oshirish va sanoat xavfsizligi darajasini yanada kuchaytirish maqsadida yong‘inga qarshi suv ta’minoti tarmog‘ini modernizatsiya qilish dasturi davom etmoqda.

400 mm diametrli quvurlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. U 5-tsehga biriktirilgan bo‘lib, tarmoqning umumiy uzunligi 32 kmni tashkil etadi. Uzoq muddat foydalanilganligi sababli eskirgan qismlar bosqichma-bosqich yangilanmoqda.

Bugungi kunga kelib asosiy kirish qismida 1628 metr quvur almashtirildi, zavodning oxirgi perimetri qismida esa 260 metr yangilandi.
Ishlar A-4, 36/1, 57/1 qurilmalari hamda tozalash inshootlari liniyasida davom etmoqda. Keyingi bosqichning umumiy hajmi 1710 metr quvurni tashkil etadi.

Yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimi sanoat xavfsizligining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligi hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor choralar ko‘rishni ta’minlaydi.

“Yong‘inga qarshi suv ta’minoti tarmog‘ining eskirgan qismlarini bosqichma-bosqich yangilash tizim ishonchliligini oshirish, uning holatini doimiy nazorat qilish hamda korxona sanoat xavfsizligi darajasini barqaror saqlash imkonini beradi”, - dedi 5-tseh rahbari Umidjon Sotvoldiyev.
Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

