Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va Farg‘ona davlat texnika universiteti o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Tomonlar o‘rtasida imzolangan memorandum ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash, neft-gaz sohasi uchun zamonaviy va raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Hamkorlik doirasida universitet talabalari Farg‘ona NQIZda amaliyot o‘tash, real texnologik jarayonlarda ishtirok etish hamda o‘z bilimlarini ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, ayrim talabalar bitiruv malakaviy ishlarini bevosita zavod faoliyati bilan bog‘liq mavzularda himoya qilmoqda.

Talabalar tomonidan ishlab chiqilayotgan innovatsion loyihalar va texnologik yechimlar zavodning yetakchi mutaxassislari, muhandis-texniklari hamda tajribali kasb ustalari tomonidan o‘rganilib, amaliy jihatdan tahlil qilinmoqda. Xususan, texnologik jarayonlarni optimallashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ekologik xavfsizlik yo‘nalishlaridagi ilmiy ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Memorandum doirasida dual ta’lim tizimini rivojlantirish, ishlab chiqarish mutaxassislarini o‘quv jarayoniga jalb qilish, talabalar amaliyoti va ilmiy tadqiqotlarini real ishlab chiqarish jarayonlari bilan bog‘lash kabi ustuvor vazifalar belgilandi.
-Bugungi sanoat rivoji zamonaviy bilim va amaliy tajribani uyg‘unlashtira oladigan mutaxassislarni talab qilmoqda. Farg‘ona NQIZ uchun oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik muhim strategik yo‘nalish bo‘lib, u malakali kadrlar tayyorlash, innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash va sohaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi, - dedi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi direktori Baxrom Shergaziyev.

Tadbir davomida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, qo‘shma loyihalar hamda ishlab chiqarishga oid ilmiy yechimlar taqdimot qilindi. Universitet vakillari zavodda amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdilar.
Bugungi kunda har yili 100 nafardan ortiq talaba Farg‘ona NQIZda amaliy tajriba orttirib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan sex, qurilma va laboratoriyalarda malaka oshirmoqda.
Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

