
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida o‘tkazilgan muhim konferensiya ishlab chiqarish samaradorligi va ijtimoiy siyosatning uyg‘un rivojlanayotganini yana bir bor namoyon etdi. Tadbirda tarmoqning yuqori darajadagi vakillari hamda zavod rahbariyati ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 2025-yil yakunlari tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqilib, amalga oshirilgan ishlar ijobiy baholandi. Shu bilan birga, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ularni rag‘batlantirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Zavod bosh muhandisi tomonidan taqdim etilgan hisobotda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari hamda olib borilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlar batafsil yoritildi.
Konferensiyaning muhim natijalaridan biri - 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining qabul qilinishi bo‘ldi. Ushbu hujjat xodimlarning mehnat huquqlari, ijtimoiy imtiyozlari va kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, 2026-yil uchun mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu qarorlar zavodda xavfsiz va qulay ish muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farg‘ona NQIZ kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Rashidjon Saydaliyev ta’kidlaganidek:
"Biz uchun eng muhim ustuvor yo‘nalish - bu inson. Har bir xodimning mehnati qadrlanishi, huquqlari himoyalanishi va munosib sharoitda ishlashi ta’minlanishi kerak. Yangi jamoa shartnomasi aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi."

Konferensiya yakunlari shuni ko‘rsatdiki, zavodda barqaror rivojlanish, ijtimoiy himoya va inson qadri ustuvor tamoyil sifatida mustahkam qaror topmoqda.
Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

