Kasbga yo‘l ochuvchi amaliyot

Farg‘ona NQIZ bo‘lajak neft va gaz sanoati mutaxassislarini tayyorlash tizimini izchil rivojlantirmoqda. Bu ishning asosiy yo‘nalishlaridan biri oliy o‘quv yurtlari talabalarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishdir. Korxonada amaliy ko‘nikmalarni egallash imkoniyati xorijda ta’lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ham taqdim etilmoqda.

Ishlab chiqarishni keng ko‘lamli modernizatsiya qilish davrida korxona O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni faol kengaytiryapti. Soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zavod bazasida oliy o‘quv yurtlari va kollejlar o‘qituvchilarining stajirovkalari ham tashkil etilib, bu esa ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Hamkorlikka O‘sh texnologiya universiteti ("Kimyoviy texnologiya" yo‘nalishi) va Namangan davlat texnika universiteti ("Neft va gaz" yo‘nalishi) qiziqish bildirdi. Talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish obyektlari bo‘ylab tanishtiruv ekskursiyasi tashkil etildi. Korxona mutaxassislari mehmonlarni neftni qayta ishlashning asosiy bosqichlari va zamonaviy texnologik qurilmalar faoliyati bilan tanishtirib, talabalarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

"Bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy shakllanishida ishlab chiqarish amaliyoti muhim o‘rin tutadi. U talabalarga nazariy bilimlarni mustahkamlash va ularni zamonaviy sanoat korxonasida qanday qo‘llanilishini ko‘rishga yordam beradi. Bunday uchrashuvlar yoshlarga neftni qayta ishlash sohasining o‘ziga xos xususiyatlarini yaxshiroq tushunish va kelajakdagi kasbni tanlashga ongliroq yondashish imkonini beradi", — dedi Farg‘ona NQIZ personalni o‘qitish va rivojlantirish bo‘limi rahbari Nasiba Shodmonova. Bunday uchrashuvlar talabalarga zamonaviy ishlab chiqarish bilan yaqindan tanishishga yordam beradi va neft-gaz sanoati uchun mutaxassislarning yangi avlodini tayyorlashga ko‘maklashadi.

Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш