Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida avariya-qutqaruv bo‘linmalarining xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bilan o‘zaro hamkorligini va tabiiy hamda texnogen favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish maqsadida muntazam ravishda amaliy-taktik mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Asosiy ko‘rsatkichlar:
- O‘tkazilish chastotasi: oyiga 3 marta.
- Ishtirokchilar: zavod rahbariyati, tegishli bo‘limlarning mas’ul xodimlari, gazdan qutqarish xizmati, yong‘in xavfsizligi bo‘limi, Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, avariya-qutqaruv otryadlari, tsexlar va qurilmalar ishchi-xodimlari.
- Mashg‘ulot ssenariylari: yong‘inlar, propan gazi, ammiak va moy sizib chiqishi; xodimlarni evakuatsiya qilish; axborot almashinuvi; texnik vositalardan foydalanish; birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish.
Joriy oyda o‘tkazilgan mashg‘ulotlar:
- 6-tsex 36/1-3 qurilmasi.
Ssenariy: T-4 issiqlik almashinish apparatining fflans birikmasidan propan gazi sizib chiqib, yong‘in kelib chiqishi. Amalga oshirilgan ishlar: rahbariyat va maxsus xizmatlarni xabardor qilish, xodimlarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilish, texnik vositalardan samarali foydalanish, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish. Hodisaning sabablari tahlil qilindi, xizmatlarning hamjihatligi va professionalligi tasdiqlandi. - 39/7-2 texnologik qurilmasi.
Ssenariy: PS-5 apparati quvurining flans birikmasidan ammiak bug‘lari chiqishi. Bir ishchining ammiakdan zaharlanishi imitatsiya qilindi. Barcha xizmatlar tezkor harakatlar rejasini bajarib, hodisani 15 daqiqada bartaraf etdi. Ammiak bilan ishlashda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish zarurligi alohida ta’kidlandi. - 57/1-2 qurilmasi.
Ssenariy: moy sizib chiqishi oqibatida yong‘in kelib chiqishi va texnik xodimning jarohatlanishi. Amalga oshirilgan ishlar: tezkor xabardor qilish, maxsus ko‘pik yordamida yong‘inni lokallashtirish, jarohatlangan xodimni evakuatsiya qilish va birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish.
Barcha mashg‘ulotlarda xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik, tezkorlik va professionallik yuqori baholandi. Aniqlangan kamchiliklar tezkorlik bilan tahlil qilinib, joyida bartaraf etildi.
— Avariya-qutqaruv otryadlarining xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bilan hamkorlikdagi harakatlari muntazam ravishda takomillashtirilmoqda. Navbatdagi amaliy-taktik mashg‘ulotlar yuqori saviyada o‘tkazildi. Biroq ayrim sanoat xavfsizligi qoidalari buzilishi va texnik xizmatdagi kamchiliklar aniqlanib, joyida tezkorlik bilan bartaraf etildi, — dedi zavod Sanoat xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish departamenti boshlig‘i Diyorjon Umaraliyev.
Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati