Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi Farg‘ona politexnika instituti talabalaridan bir guruhini mehmon sifatida qabul qildi.
Ushbu ekskursiyaning maqsadi bo‘lajak mutaxassislarni O‘zbekistondagi neft-kimyo sanoatining eng yirik korxonalaridan birida ishlashning haqiqiy sharoitlari, shuningdek, zavodda qo‘llanilayotgan neftni qayta ishlashning ilg‘or texnologiyalari bilan tanishtirishdan iborat edi.
Talabalarga hamrohlik qilayotgan Farg‘ona politexnika instituti kimyo-texnologiya fakulteti "Neft va neft-gazni qayta ishlash" kafedrasi katta o‘qituvchisi Alisher Jumaboyev quyidagilarni ta’kidladi:
"Zavoddagi bunday amaliy mashg‘ulotlar talabalarning o‘rganilayotgan jarayonlarni tushunishini sezilarli darajada chuqurlashtiradi. Ular nazariyaning real ishda qanday qo‘llanilishini amalda ko‘rishadi".
O‘z navbatida, Farg‘ona NQIZ personalni o‘qitish va rivojlantirish bo‘limi rahbari Nasiba Shodmonova shunday dedi:
"Yosh mutaxassislar va talabalarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlarimizdan biridir. Biz zavoddagi amaliyot va ekskursiyalar bo‘lajak neft-kimyo sohasi mutaxassislarida kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga yordam berishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz".
Yil boshidan buyon Farg‘ona NQIZda turli oliygoh va kollejlardan 242 nafar talaba amaliyot o‘tagan. "Kimyoviy texnologiya," "Mashinasozlik texnologiyasi", "Elektr ta’minoti", "Texnik boshqaruv tizimlarini avtomatlashtirish" kabi mutaxassisliklar talabalari tomonidan har yili amaliyot o‘tash uchun asosan Farg‘ona NQIZ tanlanadi. Dastur neft-gaz kompleksidagi ishlarning ham texnik, ham boshqaruv jihatlarini qamrab oladi.
Bu yil zavod quyidagi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qildi:
- Farg‘ona politexnika instituti — "Kimyo texnologiyasi", "Mashinasozlik texnologiyasi", "Elektr ta’minoti" ta’lim yo‘nalishlari.
- Toshkent kimyo-texnologiya instituti — "Neft va gazni qayta ishlash", "Mashinasozlik texnologiyasi" ta’lim yo‘nalishlari.
- Toshkent davlat texnika universiteti — "Texnik boshqaruv tizimlarini avtomatlashtirish" ta’lim yo‘nalishi.
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (Farg‘ona filiali) — "Kompyuter injiniringi" yo‘nalishi.
- Farg‘ona neft va gaz kasb-hunar kolleji — "Neft va gazni qayta ishlash operatori", "Chilangarlik ishi", "Texnologik nasoslar va kompressor qurilmalari mashinisti", "NO‘A va A chilangari" yo‘nalishlari.
- M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiali — "Neft-gaz kompleksi korxonasi iqtisodiyoti va boshqaruvi" yo‘nalishi.
Mavjud qurilmalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish liniyalarini qurish orqali zavod yosh mutaxassislarni ishga joylashish uchun faol jalb qilmoqda. Rivojlanish dasturining yana bir muhim qismi talabalar bilan dolzarb amaliy bilimlarni almashish uchun korxona bazasida amaliyot o‘tayotgan oliy o‘quv yurtlari va kollejlar o‘qituvchilari bilan tajriba almashish hisoblanadi.
Farg‘ona NQIZ Matbuot xizmati