"Tong" oromgohida unutilmas yoz: quvonch, do'stlik va maroqli ta'til

"Farg‘ona NQIZ"da xodimlar farzandlarining yozgi ta'tilini mazmunli tashkil etish, ularning sog‘lom hordiq chiqarishi hamda maroqli dam olishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada korxona Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qator ijtimoiy tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Joriy yozgi mavsumda 150 nafardan ortiq bolajon Farg‘ona viloyatining so‘lim maskanlaridan biri – Xongiz qishlog‘ida joylashgan "Tong" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida ikki haftalik dam olish va sog‘lomlashtirish dasturida ishtirok etmoqda.

Oromgohda bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida sport musobaqalari, ijodiy tanlovlar, madaniy-ma'rifiy tadbirlar, intellektual o‘yinlar va ko‘ngilochar dasturlar muntazam o‘tkazilmoqda. Bunday tadbirlar nafaqat bolalarning jismoniy faolligini oshirish, balki ularning ijodiy salohiyati, muloqot madaniyati va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.

Ta'til davomida Farg‘ona viloyat qo‘g‘irchoq teatri jamoasining oromgohga tashrifi bolajonlar uchun alohida bayramga aylandi. Ertak qahramonlari ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari, interaktiv o‘yinlar, qo‘shiq va raqslar bolalarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, yozgi ta'tilning eng yorqin lahzalaridan biriga aylandi.

Shuningdek, Kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan estafeta, stol tennisi, shashka va shaxmat bo‘yicha sport musobaqalari tashkil etildi. Faol ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan bolajonlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bunday rag‘bat bolalarda sog‘lom raqobat, intilish va g‘alabaga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.

"Farzandlarimizning sog‘lom, xavfsiz va mazmunli dam olishi biz uchun ustuvor vazifalardan biridir. Oromgohda ular uchun yaratilgan sharoitlar, qiziqarli dasturlar va doimiy e'tibor bolalarning quvonchli yozgi ta'tilini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Zero, farzandlar quvonchi – har bir ota-onaning baxti va xotirjamligidir", – deydi "Farg‘ona NQIZ" Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Rashidjon Saydaliyev.

Korxonada xodimlar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda yosh avlod kamolotiga xizmat qiluvchi bunday ezgu tashabbuslar izchil davom ettirilmoqda.

 

Fargona NQIZ matbuot xizmati

 


Нашр этиш