Farg‘ona NQIZ sanoat va fuqaro muhofazasi choralarini kuchaytirmoqda

2025-yil 23-oktabr kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi – korxona rahbariyati hamda fuqaro muhofazasi tuzilmalarining favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda amaliy harakatlarini mashq qilish, shuningdek, tezkor xizmatlar bilan o‘zaro hamkorlik darajasini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulot davomida dispetcherlik xizmatining tegishli idoralarni tezkor xabardor etish harakatlari sinovdan o‘tkazildi, fuqaro muhofazasi bo‘linmalari shaxsiy tarkibi va maxsus texnikasi ko‘zdan kechirildi.

Temir yo‘l estakadasida neft mahsulotlarini quyish jarayonida vagon-sisterna yonib ketgan shartli avariya holati modellashtirildi.

Bundan tashqari, birinchi tsexning GFU qurilmasida shartli zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amaliy harakatlar mashq qilindi. Ssenariyga ko‘ra, kuchli yer silkinishlari natijasida ekstraksion blokda shikastlanish yuz berib, flanesli ulanish joyida neft mahsuloti sizib chiqishi, gaz konsentratsiyasining oshishi va kompressor xonasining tom qismi qisman qulab tushishi holati yuzaga kelgan.

Mashg‘ulotda zavod rahbariyati, fuqaro muhofazasi tuzilmalarining shaxsiy tarkibi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari, Ichki ishlar hamda tibbiyot xizmatlari vakillari ishtirok etdilar.

"Bunday mashg‘ulotlarning muntazam o‘tkazilishi sanoat xavfsizligi tizimining eng muhim qismi hisoblanadi. Ular xodimlar harakatining uyg‘unligini va barcha bo‘linmalarning favqulodda holatlarga tezkor javob berish tayyorgarligini sinovdan o‘tkazish imkonini beradi", – dedi safarbarlik va fuqaro muhofazasi bo‘limi rahbari Dilshod Usmonov.

 

Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

 

Нашр этиш