FNQIZda asosiy texnologik qurilmalarni kapital ta’mirlash ishlari yakunlandi

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini tiklash doirasida asosiy texnologik qurilmalarni kapital ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi.


Amalga oshirilgan ishlar natijasida benzin fraksiyalarining yarim tayyor mahsulotlarini saqlash quvvati oshirildi. Umumiy sig‘imi 9 000 m³ bo‘lgan uchta yangi pontonli rezervuar foydalanishga topshirilib, saqlash quvvati 45 foizga oshirildi. Gazoylni gidrotozalash qurilmasining ishga tushirilishi natijasida dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishning sutkalik hajmi 1,2 ming tonnaga, ya’ni 60 foizga oshirildi.


Shuningdek, ta’mirlash va ishga tushirish-sozlash ishlariga 400 nafardan ortiq muhandis-texnik xodimlar hamda ishchilar jalb etildi. Ishlarni jadallashtirish maqsadida qo‘shimcha ravishda 21 nafar payvandchi, tokарь, elektrik va nazorat-o‘lchov asboblari bo‘yicha mutaxassislar jalb qilindi.


Ayni vaqtda ta’minot yo‘nalishi ham kuchaytirildi. Bo‘lim xodimlari soni 6 nafardan 16 nafarga, ya’ni 2,7 barobarga oshirildi. Bu zarur tovar-moddiy boyliklarni o‘z vaqtida va tezkor yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytiradi. O‘tgan 3 oy davomida zavod tomonidan ta’mirlash ishlariga jami qariyb 55 mlrd so‘m miqdorida o‘z mablag‘lari yo‘naltirildi.


Texnologik qurilmalarni qayta jihozlash va modernizatsiya qilish korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini kelgusida barqaror hamda yanada to‘liq ishga solish uchun mustahkam zamin yaratadi. Korxona ishlab chiqarish quvvatlarini tiklash dasturini bosqichma-bosqich amalga oshirishni davom ettirib, ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmini oshirishni ta’minlaydi.

 

FNQIZ Matbuot xizmati


Нашр этиш