E’tirof va e’zoz — mehnatga yuksak baho

Yangiliklar UZ Курилди: 38

8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan, kasaba uyushmalari faoliyatida faol ishtirok etayotgan hamda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarga alohida ehtirom ko‘rsatildi.

Tadbirda kasaba uyushmalari tizimida faoliyat yuritayotgan yetakchi xotin-qizlar, turli korxona va tashkilotlarning vakillari hamda hamkor tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi. Ular orasida Farg‘ona viloyatining yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblangan Farg‘ona NQIZ vakillari ham faol qatnashdi.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev tabrik so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida ayollarning jamiyat hayotidagi muhim o‘rni, mamlakat taraqqiyotida hamda iqtisodiyotning turli sohalarida xotin-qizlarning munosib hissasi tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi. Jumladan, “Ayollar daftari” tizimi orqali ehtiyojmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy muammolarini hal etishga qaratilgan ishlarning ahamiyati alohida qayd etildi.

Tadbir davomida “Kasaba uyushmalari — ayollar manfaati yo‘lida” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov g‘oliblari ham taqdirlandi.

Mazkur tanlovda Farg‘ona viloyati miqyosida munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishgan Farg‘ona NQIZ jamoasi vakillari ham alohida e’tirof etildi.

Xususan, zavodning 10-tsexi rahbar o‘rinbosari Xurshidabonu Xolmatova hamda 24-tsexi bosh mutaxassisi Dilnora Nosirova Farg‘ona viloyati Kasaba uyushmalari Kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

“Kasaba uyushmalari tizimining asosiy maqsadi - xodimlarning manfaatlarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash va mehnat jamoalarida ijtimoiy faollikni oshirishdan iborat. Zavodimiz xotin-qizlari esa nafaqat ishlab chiqarishda, balki jamoat ishlarida ham faol ishtirok etib, boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelmoqda”, — dedi Farg‘ona NQIZ Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Rashidjon Saydaliyev.

Mazkur e’tirof nafaqat mukofot sohibalarining shaxsiy mehnatini, balki butun Farg‘ona NQIZ jamoasining hamjihatligi, tashabbuskorligi va yuqori natijalarga intilayotganini ham namoyon etadi.

Ta’kidlash joizki, zavodda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishlab chiqarish jarayonlari, texnologik rivojlanish va jamoa hayotini yanada boyitishda muhim o‘rin egallab kelmoqda.

 

Farg‘ona NQIZ matbuot xizmati

 

Нашр этиш